Xabar effektlari, heshteg orqali qidirish va boshqalar

Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Xabar effektlari, heshteg orqali qidirish va boshqalar bilan tanishing

Bu yangilanishda siz yuboradigan xabarlarga ajoyib animatsiyali effektlar qoʻshishingiz, izohlarni media yuqorisiga koʻchirishingiz, global heshteglar yordamida ommaviy postlarni qidirishingiz, yigʻiladigan iqtibos bloklari bilan matn qismlarini berkitishingiz va yana boshqa imkoniyatlardan foydalanishingiz mumkin.

Xabar effektlari

Endi yakkama-yakka chatlardagi xabarlarni animatsiyali effektlar bilan yuborish mumkin, ular qabul qiluvchi chatni ochganda ijro etiladi. Oʻpichlar 💋, olovlar 🔥 yoki yana nimadir 😈 bilan qoplangan ekranchalik hech narsa sevgi haqida soʻzlamaydi.

Har kim 6 ta bepul effektdan foydalanishi mumkin, Telegram Premium esa yuzlab yana boshqa effektlarni, jumladan, Premium stikerlardan barcha effektlarni ochadi.

Effekt qoʻshish uchun shunchaki Yuborish strelkasini bosib turing va xabaringizga mos hissiyotni tanlang.

Ayni menyudan xabarni rejalashtirishingiz yoki uni sukut holatida yuborishingiz mumkin.

Media ustidagi izohlar

Postlaringiz uchun illyustratsiyalar va mem reaksiyalar mos joyda ishlatilishi uchun izohlarni endi media ustiga koʻchirish mumkin.

Buni bajarish uchun biriktirmalar menyusida mediani tanlang, keyin chiqadigan kiritish maydoniga izoh kiriting, Yuborish strelkasini bosib turing va uning oʻrnini oʻzgartirish uchun “Izohni yuqoriga koʻchirish” bandini tanlang.

Siz media yoki albomlarni tahrirlash orqali ularning izohlarini yuqoriga yoki pastga koʻchirishingiz ham mumkin — shunchaki xabarni tahrirlang, Saqlash tugmasini bosib turing va “Izohni yuqoriga koʻchirish” bandini tanlang.

Telefon raqamlari uchun tezkor amallar

Chatda telefon raqamiga bosilganda shunchaki yana bir marta bosish orqali xabar yuborish, chaqiruv qilish yoki raqamni kontakt sifatida qoʻshish imkoniyatlariga ega yangilangan menyu ochiladi.

Heshteg orqali qidirish

2015-yildan buyon heshteglar yordamida #muhim xabarlarni (yoki #mushuklarni) chatlaringiz orasida oson qidirishingiz mumkin.

Bugungi yangilanishda global heshteglarni taqdim etamiz. Istalgan chatdagi biror heshteg bosilsa, katta ommaviy chatlardan qidiruv natijalari ham koʻrsatiladi — bu sizga kanallardan tezkor #yangiliklarni tezda topish yoki #sayohat videolarini koʻrib chiqish imkonini beradi.

“Ommaviy postlar” sahifasini kezganda siz ularni varaqlanadigan postlar tasmasi yoki guruh va kanallarning ixcham roʻyxati sifatida koʻrishni tanlashingiz mumkin.

Global heshteg qidiruvi faqat ommaviy guruhlar va ommaviy kanallardan xabarlarni oʻz ichiga oladi. Shaxsiy chatlardan xabarlar hech qachon koʻrsatilmaydi.

Yigʻiladigan iqtiboslar

Odamlar qisqa matnlarni oʻqishni yaxshi koʻradi — shunday ekan, shu yergacha oʻqiganingizdan hayron qoldik!

Endi xabarlaringizni yanada ixchamroq qilish uchun matn boʻlaklarini yigʻiladigan iqtibos bloklari ichida berkitishingiz mumkin.

Shunchaki iqtibos formatlashini qoʻshing va kiritish maydonidagi yigʻish tugmasini bosing. Oʻquvchilaringiz iqtibosni kengaytirish va oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi yoki uni oʻtkazib yuborish uchun kamroq varaqlaydi.

macOS uchun rangli chaqiruvlar

Oʻtgan dekabrda biz Android va iOS uchun ovozli va video chaqiruvlarga dinamik fonlar va zamonaviy animatsiyalarni qoʻshgan edik. Endi ushbu interfeys yangilanishlaridan mahalliy macOS ilovamiz foydalanuvchilari ham foydalanishi mumkin — bu esa desktop chaqiruvlarini chiroyliroq qiladi va avvalgidan kamroq resurslar bilan ishlatish imkonini beradi.

Buguncha shular, biz keyingi yangilanishgacha mushakbozlik 🎆 effektlarini tomosha qilish bilan band boʻlamiz.


2024-yil 31-may,
Telegram jamoasi